«BestSoftChallenge-2017» dasturiy ta’minot ishlab chiqish bo’yicha

yoshlar tanlovini o’tkazish tartibi to’g’risidagi

NIZOM

1. Nomlanishi, tashkilotchilar, qo’llab-quvvatlash va sayt

Nomlanishi: «BestSoftChallenge-2017» dasturiy ta’minot ishlab chiqish bo’yicha Respublika yoshlar tanlovi (keyingi o’rinlarda - Tanlov).

Qo’llab-quvvatlash: O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi.

Tanlov tashkilotchilari:

Tanlovning rasmiy sayti - www.software.uz

2. Asosiy maqsad va vazifalari

Tanlov o’tkazishning asosiy maqsad va vazifalari quyidagilardan iborat:

- turli kompyuter dasturlarini qo’llagan holda loyihalash va dasturlash sohasida ishlay olish qobiliyatiga ega bo’lgan yoshlarni aniqlash va qo’llab-quvvatlash;

- iqtidorli yosh dasturchilarga mahoratini ko’rsatish va aqliy salohiyatini namoyon etishlari uchun imkoniyat yaratish.

3. Tanlovi o’tkazish muddati

Tanlov 3 bosqichda o’tkaziladi:

1 - bosqich: 2017 yilning avgustidan 16 oktyabrigacha - ishtirokchilarni ro’yxatga olish;

2 - bosqich: 2017 yilning 18 oktyabridan 27 oktyabrigacha- saralash (finalchilarni aniqlash);

3 - bosqich: 2017 yilning 1 noyabridan 10 noyabrigacha - yakuniy saralash (g’oliblarni aniqlash).

4. Tanlov nominatsiyalari

Tanlov dasturi uchta turkum va bitta maxsus nominatsiyalarni o’z ichiga oladi:

1. «Aqlli shahar» IT-loyihasi - savdo va turar-joy ko’chmas mulk ob’yektlari, shuningdek, shahar infrastrukturasi uchun ijtimoiy-muhim ob’yektlar, jamoat xavfsizligi, monitoring tizimi va ekologik ko’rsatkichlar nazorati, ma’lumotlarni jamlash, qayta ishlash va saqlash tizimi, shahar ogohlantirish tizimi, shahar turistik portallari va virtual ekskursiyalari, interaktiv kafe/restoran, aqlli do’kon, multimediyali galereya/muzey, aqlli ofis/konferents zal va boshqalar uchun innovatsion loyihalar;

2. Kompyuter va mobil o’yinlar sohasidagi IT-loyiha - kompyuter va mobil multimediyali va ta’limiy o’yinlar;

3. Savdo va xizmatlar sohasidagi IT - loyiha-elektron savdoga asoslangan loyiha. Loyiha Internet tarmog’i orqali tovar va xizmatlarni sotish va sotib olishga mo’ljallangan elektron savdo maydonini o’z ichiga qamrab oladi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo’llab-quvvatlash maqsadida mahalliy mahsulotlarni sotish va sotib olishga alohida e’tibor qaratish lozim;

4. Maxsus nominatsiya - AKT sohasidagi innovatsion fikr - O’zbekistonda AKT sohasini innovatsion rivojlantirishni rag’batlantirish uchun AKT sohasidagi novatorlik va muhim g’oya.

Loyiha faqat bitta turkum nominatsiyaga nomzod bo’lishi mumkin.

5. Festival ishchi guruhi va hakamlari

Tanlovni o’tkazish bo’yicha barcha kompleks ishlarni tashkillashtirish uchun axborot texnologiyalari va dasturiy ta’minot ishlab chiqarish sohasida faoliyat yurituvchi nufuzli rahbar va mutaxassislardan iborat Ishchi guruh tuziladi.

Ishtirokchilar loyihalarini baholash uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqarish sohasida faoliyat yurituvchi nufuzli mutaxassislardan hakamlar hay’ati tayinlanadi. Hakamlar hay’atining shaxsiy tarkibi Ishchi guruh tomonidan tasdiqlanadi.

Ishchi guruh va hakamlar hay’ati mazkur nizom asosida o’z ishlarini olib boradi. Ishchi guruh va hakamlar hay’ati dastlabki saralash bosqichidan tashqari Tanlov mobaynida qabul qilingan qarorlar bo’yicha ishtirokchilarga hech qanday tushuntirib berish huquqini olmaydi.

6. Tanlov ishtirokchilari

Tanlovga O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi pasportiga ega 25 yoshgacha bo’lgan shaxslar ishtirok etishlari mumkin:

- O’zbekiston professional kollej va akademik litsey o’quvchilari;

- O’zbekiston OTM talabalari;

- oliy ta’limga ega bo’lmagan shaxslar.

6.1 Ishtirok etish turlari

Guruh bo’lib ishtirok etish; har bir guruhda 3 ta ishtirokchi. Tarkibida 3 tadan ko’p yoki kam ishtirokchi bo’lgan guruhlar loyihalari ko’rib chiqilmaydi.

6.2 Ariza qabul qilish shartlari

Tanlovda ishtirok etish uchun Tanlovning www.software.uz rasmiy saytida ko’rsatilgan ro’yxatga olish shaklini to’ldirish va jo’natish lozim.

Ariza berish uchun Tanlovning rasmiy veb-saytiga ko’rsatilishi lozim bo’lgan hujjatlar:

1) topshiriqning to’liq tavsifi yoki dasturiy ta’minotni ishlab chiqish bo’yicha g’oya mazmuni (shakl to’ldiriladi);

2) ishtirok etayotgan topshiriq (Maxsus nominatsiyaga tegishli bo’lmagan o’rnatishga, Internet tarmog’i orqali ishlatishga tayyor mahsulot va vebdastur);

3) ishtirokchi rezyumesi (faqat final bosqichi ishtirokchilari uchun);

4) dasturiy ta’minotning boshlang’ich kodi (Maxsus nominatsiyaga tegishli bo’lmagan);

5) AKT sohasidagi innovatsion g’oyaning batafsil tavsifi; maqsadi, ishlab chiqish bosqichlari, iste’mol bozoriga chiqish bosqichlari, joriy etish, talab, tijoriy maqsadlari, g’oyani joriy etishdan kutilgan daromad/xarajatlar (Maxsus nominatsiya uchun).

Agar Ishchi guruh fikriga ko’ra, ariza beruvchi ro’yxatdan o’tish shaklini to’ldirishda xatolikka yo’l qo’ygan bo’lsa (ta’minotga noto’g’ri tavsif berish, nominatsiya tanlashda xatolikka yo’l qo’yish), Ishchi guruh tomonidan tuzatiladi va ariza beruvchiga bu haqida xabar beriladi. Ariza beruvchi Ishchi guruh qaroriga e’tiroz berish huquqiga ega.

Ariza berilgandan so’ng ishtirokchilar dasturiy ta’minotni ishlab chiqishlari va www.software.uz sayti orqali topshiriqni onlayn taqdim etishlari lozim.

6.3 Tanlovda ishtirok etishni ta’qiqlash mumkin bo’lgan sabablar:

- tanlov shartlariga mos bo’lmagan yosh kategoriyasi;

- loyiha tasnifi O’zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari talablariga javob bermasa;

- loyihani ro’yxatdan o’tkazish ma’lumotlari haqiqiy bo’lmasa;

- loyiha nominatsiya tavsifiga to’g’ri kelmasa;

- ishtirokchi o’xshash tanlov va loyihalarda ishtirok etish uchun ariza topshirgan bo’lsa;

- plagiat aniqlanganda..

Barcha savollar mazkur Nizom doirasida hal etiladi.

7. Saralash va baholash usullari

Tanlovni o’tkazish uch bosqichda amalga oshiriladi:

- dastlabki saralash;

- muhokama;

- yakuniy saralash.

Dastlabki saralash bosqichida Ishchi guruhdan to’g’ri to’ldirilgan shakldagi qabul qilingan arizalarni ko’rib chiqish va ariza qabul qilish qoidalariga asosan taqdim etilgan arizalarning to’liqligini tekshirish talab etiladi. Saralash bosqichi yakunlariga ko’ra, tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan loyihalarni nominatsiyalash bo’yicha qaror qabul qilinadi. Tanlovga qabul qilinmagan ishlar egalariga rad etish sabablari ko’rsatilgan xabar jo’natiladi.

Saralash bosqichida ishtirok etuvchi dasturchilarni tanlash uchun hay’at a’zolari Tanlov ishtirokchilari taqdim etgan dasturiy mahsulotlarni dasturiy mahsulotlar kriteriya va baholash prinsiplariga asoslangan holda baholaydilar.

Yakuniy bosqichda 4 ta nominatsiya bo’yicha maksimal ball to’plagan 4 ta ishtirokchi bilan suhbat o’tkaziladi. Suhbat davomida ular tomonidan ishlab chiqilgan loyiha hay’at a’zolari va taklif etilgan ekspertlar tomonidan taqdim etiladi.

Taqdirlash marosimiga qadar plagiat aniqlangan hollarda, tanlov ishtirokchisi diskvalifikatsiya qilinadi. Taqdirlash marosimidan so’ng plagiat aniqlangan holda, ishtirokchi sertifikati bekor qilinadi va topshirilgan barcha sovg’alar qaytariladi.

8. Baholash mezonlari va prinsiplari

8.1 Taqdim etilgan “ATga oid loyiha “Aqlli shahar””, “ATga oid kompyuter va mobil aloqa vositalari uchun o’yinlar” “AT- savdo va xizmat ko’rsatish sohasiga oid” loyihalarni baholash uchun hay’at a’zolari quyidagi mezon va prinsiplar asosida baholanadi:

Loyihaning dolzarbligi – 10%

Loyiha bozor talabi va ehtiyojini inobatga olgan holda unga bo’lgan talab va ehtiyoj aylanmasining yuqoriligi va bugungi kun dolzarbligini inobatga olinib, aniqlik asosida baholanadi.

Loyiha g’oyasining o’ziga xosligi – 30%

Maqsad va vazifalar o’ziga xos usulda bajarilishi, AT hamda dunyo va mahalliy bozorda hamyonbopligi, o’xshashligi va takrorlanmasligi inobatga olinadi.

Texnik yechim (arxitektura) – 20%

Ilova funksionalini qimmatbaho vaqt va mehnat xarajatlarisiz kengaytirish imkoniyatini beradigan, loyihalash andozalarini qo’llagan holda ishlab chiqilgan arxitektura namunasi sifatida qabul qilinadi.

Kod – 20%

Kod xalqaro standart qabul qilgan normalarga muvofiq yozilgan bo’lishi va rasmiylashtirilishi lozim.

Interfeys – 20%

Loyihada birinchi navbatda dasturning ko’rinishi, dizayni va foydalanuvchilar uchun qulayligi e’tiborga olinishi lozim.

8.2 “AKT sohasidagi innovatsion g’oya” turkumida taqdim etilgan loyihalar hay’at a’zolari tomonidan quyidagi mezon va prinsiplar asosida baholanadi:

Innovatsionligi – 20%;

AKTda inson resurslarini inobatga olib, ijtimoiy-iqtisodiy, moliyaviy va eng kam sarflanadigan xarajatlarni ko’zlagan holda mahsulot sifati va xizmat ko’rsatish servisini yaxshilash, shu bilan birga yuqori daromad oladigan innovatsion texnologiya va g’oyalar ilgari surilganligi.

O’ziga xosligi – 20%:

AKTda g’oyalar o’ziga xosligi va takrorlanmasligi bilan belgilanadi.

Muallifning mulohazaviy yondashuvi va tadqiqotda tanlagan g’oyaning darajasi – 25%;

Innovatsion g’oyalarning maqsadi, investitsiya kiritish bosqichi, investitsion darajasi, moddiy va ma’naviy g’oyalarni kelgusida tijoriy maqsadlarda amalga oshirish.

Potensial amaliy qiymati – 25 %;

G’oya mavzusidan kelib chiqqan holda “tor doiradagi” mutaxassislar tomonidan baholanadi.

Taqdimot ishlanmasini tayyorlashda zamonaviy kompyuter texnologiyalaridan foydalanish – 10%.

Taqdimotni tayyorlash va taqdim etishda yangi texnologiyalardan (oxirgi ikki yil) foydalanilganligiga, shuningdek, uslub, fon, animatsion effektlar, materialning qay darajada yetkazib berilishi va texnik qismiga alohida e’tibor qaratiladi.

Eslatma: Istisno hollarda hay’at a’zolari ishlanmani baholash uchun “tor” doiradagi mutaxassislarni jalb qilish huquqiga ega.

9. G’oliblarni taqdirlash

Sertifikat va qimmatbaho sovg’alar O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri yoki vazir o’rinbosari, “UZINFOCOM” DUK Markazi, “VeRgo dasturchilar markazi” MCHJ, “O’zbektelekom” AK va “HUAWEITECH INVESTMENT TASHKENT” MCHJ vakillari tomonidan topshiriladi.

10. Huquqiy himoya

Ishlanmani yaratish va ishlatish bilan bog’liq barcha munosabatlar O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksi va “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to’g’risida”gi Qonuniga asosan tartibga solinadi.